Bugun, 10 aprel, juma kuni Oliy Majlisda parlament palatalari qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda 29 mart kuni bo‘lib o‘tgan Prezident saylovlarida g‘olib chiqqan Islom Karimovning inauguratsiyasi bo‘lib o‘tdi.
Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov Islom Karimovga uning Prezident etib saylangani haqidagi guvohnomani taqdim etganidan so‘ng, Islom Karimov qasamyod qabul qilgan.
“O‘zbekiston xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishga, respublikaning Konstitutsiyasi va qonunlariga qat’iy rioya etishga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga kafolat berishga, O‘zbekiston Prezidenti zimmasiga yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarishga tantanali qasamyod qilaman”, – deb qasamyod qildi Islom Karimov.
Islom Karimov keyingi besh yil davomida O‘zbekistonga Prezidentlik qiladi.
MSK ma’lumotlariga ko‘ra, 29 mart kuni bo‘lib o‘tgan Prezident saylovida O‘zLiDePdan nomzod sifatida ishtirok etgan Islom Karimov saylovchilarning 90,39 foiz ovozini qo‘lga kiritib, saylovda g‘olib chiqdi.
Manba: Kun.uz