Istamayman…

635365148748292500524a03bk5

O‘tgan yilning ayni shu paytlari Xitoyning Shinjon avtonom viloyati Urumchi shahrida bir necha teraktlar sodir etilgan edi. Ushbu xunrezliklar Xitoy Xalq Respublikasining amaldagi raisi Si Jin Pingning Shinjon o‘lkasiga tashrifi vaqtiga to‘g‘ri keldi. Bu xunrezliklarni kim tashkil qilgani ahamiyatsiz. Ammo ushbu fojeada xitoy va uyg‘ur millatidan ko‘plab odamlar halok bo‘ldi. Si Jin Ping Pekinga qaytgach, butun Shinjonni teraktlardan holi mintaqaga aylantirish va bu yo‘lda izchil ishlarni amalga oshirish uchun maxsus farmon chiqardi. Unga ko‘ra, butun Shinjonning barcha shaharlarida komendantlik soati e’lon qilindi. Eng qizig‘i, bu komendantlik soatining vaqti naqd 13 oy qilib belgilandi (may 2014 — iyun 2015). Buni komendantlik yili desa ham bo‘ladi. Boshqacharoq qilib aytganda, kuchaytirilgan xavfsizlik deyilsa to‘g‘riroq bo‘lar. O‘sha kundan boshlab men yashayotgan Urumchi shahrining barcha davlat ahamiyatiga molik yerlarida (bozorlar, yirik bank va hokimiyat idoralari, jamoat transporti «BRT» bekatlari kiraverishlari, qo‘yingki hamma joyda) harbiylarga ko‘zingiz tushadigan bo‘ldi. Nima bo‘libdi shunga deysizmi? Umrida avtomatning haqiqiysini ko‘rmagan odamga qurollangan harbiylar, BTR va tanklarni shundoq shaharning o‘rtasida, aholi gavjum bozorlarda ko‘rish qo’rqinchli. Chunki politsiyadan farqli ravishda, ularning sizni chet ellik ekanligingizni so‘rab o‘tirmasdan otib qo‘yish ehtimoli katta. Komendantlik soati davomida ularda shunday huquq bor, adashmasam. Taxminan bir oylardan keyin bu askarlar ketadi degan umiddaman…

http://www.dfdaily.com/html/21/2014/5/24/1154994.shtml
Foto: Urumchi. 2014-yil 24-may. http://www.dfdaily.com/html/21/2014/5/24/1154994.shtml

Kecha o‘zbekistonlik, 20 yoshga ham kirmagan, Xitoyda o‘qiyotgan bir bola bilan gaplashib o‘tirsam, u qiziq bir gapni aytib qoldi: “Oka qarang, xitoylar Shinjonga kelib, bu yerni zo‘r qilib rivojlantirib tashladi-da. Endi bir-ikkita g‘alamis, ahmoq uyg‘urlar «Qaytarib bersin bizga Shinjonni!» deb yo‘q joydan to‘polon qilib yotibdi”.

Avvaliga uning gapini indamay eshitdim. Ishoning, boshida e’tiroz ham bildira olmadim.

Birinchidan, u o‘zining tushunchalari doirasida fikr yuritayotgan edi. Bundan ko‘prog‘ini undan talab qilish ortiqcha ham bo‘lardi. Shu o‘rinda Xitoyga o‘qishga kelayotgan yoshlarimiz hech bo‘lmasa o‘zimizda universitetni tugatib, dunyoqarashi shakllanib, mayli vatanparvarlik ruhida tarbiyalangandan keyin Chin o‘lkasi tomon yo‘lga tushishsa maqsadga muvofiq bo‘lishini aytib o‘tmoqchiman. Chunki «Xitoy jozibasi» degan tushuncha borki, hali ongi to‘la shakllanib ulgurmagan kishini tezda o‘ziga mahliyo qilishi bor gap. Bekorga chet ellik talabalarni Xitoyning 9-rotasi degan norasmiy so‘z bilan atashmaydi. Bu endi boshqa mavzu (P/S: aslida o‘zim ham o‘sha rotaning a’zosi sifatida ta’lim olyapman) :)

Boyagi bola tarixni unutib, kelajak uchun bir davlat bo‘lib harakat qilish kerakligini, o‘zi yashab turgan hududni qanday nom bilan atalishidan qat’iy nazar, uni rivojlanib ketishi uchun bor kuchini sarflash kerakligi haqidagi aqlli gaplarni ham aytar edi. Bu borada u qisman haq edi. Lekin shuni ham unutmaslik kerakki, O‘zbekistondan bir necha marotaba katta bu hududga xitoylar provinsiya maqomi uyoqda tursin, hatto tuzukroq nom ham berishmagan. Shinjon avtonom viloyati. Shinjon-Xinjiang(新疆)Xitoy tilidan tarjimasi shunchaki «Yangi chegara» degani…

O‘tgan yili Rossiya Qrimni olganda, Putin to‘g‘ri qildi, degan qirg‘iz va qozoq bolalar bilan tortishib yurardim. Ularning topib olgan gapi bitta edi, Qrimni Rossiya bosib olmadi, xalq referendum o‘tkazib o‘z xohishi bilan Rossiyaga o‘tdi.

Kecha Moskvada bo‘lgan g‘alabaning 70 yilligiga bag‘ishlangan paradni ko‘plar online tomosha qildi. Paraddan bir kun oldin MDH prezidentlari uchrashuvida O‘zbekiston prezidentining so‘zlagan nutqlari hamma joyda shov-shuv bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalar hali ham tugagani yo‘q. Hatto qirg‘izlarning o‘zlari Prezidentimizga maqtovlar yog‘dirdi. Faxrlandik…

O‘tgan hafta bir uyg‘ur qiz bilan Urumchining uyg‘urlar ko‘pchilikni tashkil qiluvchi eski shahar qismini birga aylanishga to‘g‘ri keldi. Tabiiyki, u menga uyg‘urlarning o‘ziga xos tomonlarini ko‘rsatishga harakat qildi. Uyg‘ur milliy restoranida ovqatlandik. Keyin faqat milliy mahsulotlar bilan savdo qiladigan «Armon» deb nomlanuvchi supermarketlar tarmog‘iga olib bordi. Nega bunday nom berilganiga ortiqcha izoh qidirib o‘tirmadim. Milliy korxonalar qaysilar ekanini alohida aytib maqtardi. O‘zi ham «Chinnuri» degan kosmetikaga qiziqib ko‘rdi-da, xitoylarnikiga o‘xshamaydi bu, yaxshi, deb qo‘ydi. Umuman olganda, milliy mahsulot, milliy korxona, milliy alohidalik degan tushuncha uyg‘urlar orasida keng qo‘llaniladi. Shu tushunchalar uchun bilvosita kurashib kelishadi.

Rossiyadagi parad boshlanmasidan oldinoq ijtimoiy tarmoqlar 9-may sanasi bilan bog‘liq tabriklarga to‘lib ketdi. Georgiy tasmasi haqida-ku, aytmasa ham bo‘ladi. Bu borada yozilgan blog va twitlar anchagina.

G‘alabani nishonlashga unga hissa qo‘shgan barcha millatlar haqli, lekin shu sana tufayli yana ittifoqni qumsaganlar, Rossiyaning qudratiga taxsinlar o‘qib, uni rahnomoligida bo‘lishni istab yurganlar ancha jonlanib qolgandek tuyuldi. Rossiyaga qo‘shilsak, imkontyatlarimiz oshadi, deb kalta fikrlovchilar ko‘paydi.

Biz har kuni iqtisod darslarimizda, bir davlatning gegamonligi asosiga qurilgan har qanday ittifoq uzoqqa bormaydi va bu qolgan davlatlar uchun foydadan ko‘ra zarar keltiradi, degan ta’limotni o‘rganamiz (garchi Xitoyning o‘zi bir nechta shunday ittifoqlarga rahbarlik qilsa-da).

Aytmoqchi bo‘lganlarim:

  1. Men vaqti kelib O‘zbekiston dunyoning eng rivojlangan davlatining shunchaki bir qismi bo‘lib qolishini, shunday rivojlangan iqtisod, osmono‘par binolar qurshovida yashab turib, milliy alohidalik uchun kurashib yashashini hech ham xohlamasdim.
  2. Men vaqti kelib O‘zbekiston dunyodagi o‘zining eng qudratli armiyasiga ega bo‘lgan davlatning shunchaki bir qismi bo‘lib qolib, lekin unda tinchlikni ta’minlash vaji bilan shaharning qoq o‘rtasida tanklar va qurollangan askarlar turishi hech ham istamayman.
  3. Vaqti kelib men dunyoning bir chekkasida yashab ishlarman. Lekin begonalar mendan “Millating nima, qayerliksan” deb so‘rashsa, “O‘zbekman-u, lekin Rossiya yoki Xitoy degan davlatdan kelganman” deyishni sira-sira istamasdim.

Aqllilik qilib yuborgan bo‘lsam uzr, xulosa o‘zingizdan…

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *