Bu qiziq, Foto reportaj

Yilning eng yaxshi gadjetlari o‘ntaligi

2014 yilda shov-shuvli texnologik inqiloblar soni ko‘p bo‘lmasa-da, aytishga arzigulik yangiliklar yuz berdi. “The-village” internet nashri yilning eng yaxshi qurilmalari reytingini tuzib chiqdi.

“iPhone 6+”

“Apple”ning yangi mahsulotlari har yili mavsumning eng asosiy gadjetlariga aylanadi. “iPhone”ning navbatdagi versiyasi ham bundan mustasno emas: kompaniya operatsion tizimini yangiladi va ekranlar o‘lchamini kattalashtirdi. Faqat bitta noqulay tomoni bor: gadjetni bir qo‘lda boshqarish qiyin.

Darvoqe, agarda “iOS”ni yoqtirmasangiz, Xitoyning “Xiaomi” kompaniyasi ishlab chiqargan “Mi 4” smartfoniga e’tibor qaratishingiz mumkin. Uning tashqi ko‘rinishi “iPhone”ni eslatadi, dasturiy jihatdan esa “Android”da ishlovchi nomdor qurilmalardan qolishmaydi. Bu yil xitoyliklar ichki bozorda mahsulot sotish bo‘yicha “Samsung”ni ortda qoldirishdi.

“YotaPhone 2”

O‘tgan yili chiqarilgan “YotaPhone” deyarli prototip bo‘lgan bo‘lsa, uning yangi versiyasi ikkita ekranli zamonaviy “Android” qurilmasidir. Uning birinchi ekrani rangli sensor ekran bo‘lsa, ikkinchisi batareya quvvatini tejash imkonini beradigan oq-qora ekrandir.

“Fitbit Charge”

Sport bilan shug‘ullanadiganlar uchun yilning eng yaxshi fitnes-trekeri “Fitbit Charge”: u bosilgan qadamlar sonini, bajarilgan mashqlar va yo‘qotilgan kaloriyalarni hisoblaydi, yurak ritmini ko‘rsatadi.

“Moto 360”

Bu yil hamma “Apple” aqlli soatlarini kutgandi, lekin u 2015 yilda sotuvga chiqadi. “Google” esa yozda “Android Wear” mobil platformasini chiqardi, bu platforma asosida “Moto 360” aqlli soati ishlab chiqarildi. Bu soat chiroyli dizaynga ega, ovoz bilan boshqariladi, fitnes-treker vazifasini bajaradi va xabarlar hamda ob-havo ma’lumotini qabul qila oladi.

“Samsung UE65HU8500”

Kelajakda 4K-filmlar, serial va shoular urf bo‘ladi, 4K-televizorlarning narxi esa hozirda ming dollar atrofida. O‘tayotgan yilning esda qolarli yangiligi egri ekranli televizorlar bo‘lib, ular tasvir sifatini yanada oshiradi. Hozircha “Samsung” tomonidan ishlab chiqarilgan egri ekranli 4K-televizorlar 3ming dollardan qimmatroq, lekin yaqin ikki-uch yil ichida bunday televizorlar har bir xonadonga kirib borsa ajab emas.

“Zeiss VR One”

“Facebook” asoschisi Mark Sukerberg yil boshida “Oculus Rift” virtual voqelik shlemini yaratgan “Oculus VR” kompaniyasi uchun 2 milliard dollar pul tikkandi. Hozircha kompaniya “Oculus Rift”ning prototipini ishlab chiqara oldi xolos va hali sotuv uchun chiqarilmadi. Lekin “Zeiss” kompaniyasi ishlab chiqargan “VR One” virtual shlemini sotib olsa bo‘ladi.

“Lytro Illum”

Ikki yil ilgari “Lytro” kompaniyasi suratga olib bo‘lgandan keyin ham kadr fokusini o‘zgartirish imkonini beruvchi g‘aroyib kamera chiqargandi. 2014 yilda kompaniya uning professional versiyasini taqdim etdi. U ko‘rinishidan fotoapparatga o‘xshaydi va ajoyib 3D-suratlarni olishi mumkin.

“MakerBot Replicator Mini”

3D-printerlar endi yangilik bo‘lmay qoldi, chunki ularni oddiy foydalanuvchilar ham sotib olishlari mumkin. “MakerBot Replicator Mini” yilning eng kutilgan 3D-printeri bo‘ldi: u ixcham (tomonlarining uzunligi 40 santimetr atrofida), og‘irligi sakkiz kilogramm va chop etish jarayonini videokamera yordamida masofadan kuzatib turish mumkin.

“3DRobotics Iris+”

2009 yili “Wired” texnologik jurnalining sobiq bosh muharriri Kris Anderson “3DRobotics” kompaniyasini tashkil etgandi. Kompaniya “Iris+” dronini omma e’tiboriga havola etdi. Kvadrokopter uchish va videoga olishdan tashqari, avtomatik rejimda ham harakat qila oladi va zaruriyat tug‘ilganda smartfon orqali boshqariladi.

“SCiO”

Isroilliklarning “SCiO” deb nomlanuvchi molekulyar sensori “Kickstarter”da ikki yarim million dollardan oshiq mablag‘ yig‘a oldi. Fleshkani eslatuvchi bu spektrometr smartfonga ulanadi va atrofdagi narsalarning kimyoviy tarkibini aniqlaydi: masalan, taomdagi oqsil, yog‘ va uglevodlar miqdorini. Sog‘ligi haqida qayg‘uradiganlar uchun ajoyib qurilma.

Manba: Xabardor

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *